O’zbekiston Badiiy Akademiyasi huzuridagi Badiiy ta’lim yo‘nalishlarida pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish markazida, Koreyalik ustozlar tomonidan, tinglovchilar uchun Modern Art nomli mahorat darsi tashkil etildi.

O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi huzuridagi Badiiy ta’lim yo‘nalishlarida pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish markazida, aprel oyida Tasviriy san’at (turlari bo‘yicha) yo‘nalishi tinglovchilari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etildi.

Pedagoglarga yangi badiiy ta’lim texnologiyalarini o‘rgatish, malakali professor ustozlar tomonidan o‘tiladigan nazariy va amaliy darslar mobaynida tinglovchilar o‘z bilimlari ustida chuqurroq izlanishlar olib bormoqdalar.

Markaz tinglovchilarga, yangi bilim va ko‘nikmalar berish uchun barcha imkoniyatlarni ishlab chiqmoqda. Jumladan, 2023-yil 18-aprelda O‘zBA huzuridagi markaz va Keimyung universiteti huzuridagi Tasviriy san’at kolleji bilan o‘zaro hamkorlik to‘g’risida memorandum imzolangan.

 

Unga ko‘ra:

-tomonlarning pedagog va xodimlarining xalqaro akademik almashinuvini tashkil etish;

-qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

- xalqaro konferensiyalar, seminarlar, ko‘rgazmalar va loyihalarni amalga oshirish kabi chora tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Memorandumga asosan institutlararo professor o‘qituvchilar o‘zaro  tajribalarini almashishlari ko‘zda tutilgan.

Ma’lumki, an'anaviy koreys rassomligi G'arb rangtasviridan katta farq qiladi. Uning asosida Sharqning o‘ziga xos chizgilari va koloriti yotadi.

Koreya tasviriy san’atiga Xitoy madaniy anʼanalari kuchli taʼsir koʻrsatgan. Quyi tabaqalar orasida mashhur boʻlgan xalq rassomligiga esa, hech bir maktab taʼsiri boʻlmagan. Ular kuch, quvonch, xordiqni tasvirlash uchun erkin, ifodali texnika va yorqin ranglardan foydalangan.


O‘zBA huzuridagi markazda Koreyalik ustozlar tomonidan, tinglovchilar uchun Modern Art nomli mahorat darsi tashkil etildi.

Ushbu mashg’ulotda: Keimyung universiteti  Tasviriy san’at fakulteti dekani Yun Hi Kim, tasviriy san’at kolleji kafedra mudiri, Professor Jang Tae Mook o‘z mahorat darslarini tinglovchilarga namoyish etishdi.

Tadbirni O‘zBA huzuridagi markaz direktori Davron Shukurov ochib berdi. Shundan so‘ng, Yun Hi Kim institutning 60 yillik tarixi, undagi fakultetlar haqida ma’lumotlar berdi.

Vizual san’at, zamonaviy fotoart, fashion industriya kabi yangi yo‘nalishlar ochilgani va unga koreyalik yoshlar katta qiziqish bildirayotganini ta’kidlab o‘tdi.  Rassom Jang Tae Mook esa, o‘z ijodini dastlabki bosqichlaridan katta muvaffaqiyatlariga qadar bo‘lgan davrni tahlil qilib berdi.

Rassomning ijodi davomida 70 ga yaqin ko‘rgazmalar tashkil etgani, giperrealizm uslubida falsafiy mushohadaga chorlovchi asarlari yaratilishi tarixi haqidagi ma’ruzalari tinglovchilarda kata qiziqish uyg’otdi. 

Barcha sohalar qatorida tasviriy san’at yo‘nalishidagi bu kabi hamkorliklar xalqlar o‘rtasida o‘zaro madaniy, ijodiy fikrlar almashinuvi va yangi g’oyalar yaratilishi uchun muhim jihat bo‘lib xizmat qilishi shubxasiz.

O‘tkazilayotgan bu kabi mahorat darslari, rassom tinglovchilar ijodiga yangi g’oyalar olib kirishi va texnik mahoratini oshirishga xizmat qilishi shubxasiz.