Mashaqqatli yo‘lning totli bahosi

Qadim Xorazmning Xiva shahrida yuqori saviyada bo‘lib o‘tayotgan "Lazgi" xalqaro festivali doirasida bo‘lib o‘tgan ilmiy konferensiyada Xorazm lazgisining eng fidoyi targ‘ibotchilaridan biri – Gavhar Matyoqubovaga  “O‘zbekiston Xoreografiya Akademiyasining faxriy professori” unvonini topshirdik. Ta’kidlash joizki, “Xorazm lazgi raqsi”ni YUNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilishida  Gavhar opaning ham xizmatlari beqiyos.

Shuningdek, raqs san’ati rivojlanishining eng qiyin davrida kasbiga bo‘lgan sadoqati, mehri sabab Lazgi bugun yanada takomillashib, yoshlarimiz talqinida ijro etilmoqda. Aslida, Gavhar Matyoqubovaning raqqosalar faoliyatiga jiddiy to‘siqlar, salbiy qarashlar mavjud bo‘lgan bir davrda “Lazgi”ning, shu orqali o‘zbek raqsining asl mohiyatini saqlab qolinishiga qo‘shgan hissasini chinakam qahramonlik, deb baholasak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Zero, har bir sohada shijoat bilan mehnat qilgan va bugun safimizda bo‘lgan Gavhar Matyoquva singari jasoratli ayollarimizning barchasi bu kabi yuksak e’tiroflarga munosibdir.  

Mukofotlar muborak bo‘lsin! 

Ozodbek Nazarbekov
Madaniyat vaziri